Ushbu oliygohda robototexnika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
2025-yil 20-yanvarda Prezidentnin PQ-14-son qaroriga muvofiq, mazkur universitetning faoliyat yo‘nalishlari tasdiqlandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Universitetning asosiy maqsadlari sifatida axborotni himoyalash, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va iqtisodiyot sohalarida, shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy tizimlarni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, u robototexnika va unga yaqin sohalarda yetakchi mutaxassislar tayyorlashni maqsad qilgan.
Yangi universitet raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ham faoliyat yuritadi. Ta’lim jarayoni xorijiy tajriba hamda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tarzda tashkil etiladi.
Yoshlarning bilim olish imkoniyatlari kengaytirilib, ularni kasbga yo‘naltirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Davlat idoralari, korxonalar va boshqa tashkilotlar uchun malakali kadrlar yetkazib berishda universitet alohida ahamiyat kasb etadi.